Dekabr oyining ikkinchi yarmida “Info Kapital Books” nashriyotida yakunlanayotgan yil natijalar va 2026-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi. Unda nashriyot rahbariyati, tahririyat xodimlari, tajribali tarjimonlar hamda nashriyotning jonkuyar xodimlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilish avvalida nashriyot direktori Muhiddin Xoldarov so‘zining avvalida jamoaga alohida murojaat qilib, korxonaning bugungi darajaga yetishiga ko‘p yillar davomida munosib hissa qo‘shib kelayotgan har bir xodimga o‘zining samimiy minnatdorchiligini bildirdi. Shu bilan birga, 2025 yilda erishilgan muhim yutuqlar qatorida Latviya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Germaniya, Turkiya va Rossiya kabi qator davlatlar bilan kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilish va nashr etish bo‘yicha mualliflik huquqlariga oid shartnomalarning muvaffaqiyatli imzolangani alohida qayd etildi.
Erishilgan yutuqlarni umumiy mehnatning mevasi deb e’tirof etilar ekan, 2026-yil uchun belgilangan yangi strategik rejalarni amalga oshirishda jamoaning fikri va tashabbusi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Yig‘ilish davomida nashriyot xodimlari tomonidan raqamli texnologiyalar davrida kitob targ‘ibotini kuchaytirishga yangicha yondashish taklif etildi. Endilikda har bir nashrning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi qisqa metrajli video-anonslar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilishi rejaga kiritildi. Shuningdek, zamonaviy kitobxonlar uchun qulaylik yaratish maqsadida nashriyotning shaxsiy audioilovasini ishga tushirish va o‘zbek yozuvchilarining sara asarlarning audio variantlarini taqdim etish rejalashtirilgan.
Ilmiy yo‘nalishda ham faoliyatni yanada kengaytirish va tizimli rivojlantirish maqsadida tarix, biznes, psixologiya va iqtisod sohalaridagi eng dolzarb va zamonaviy bilimlarni qamrab olgan ommabop kitoblar turkumini shakllantirish maqsad qilindi. 2026 yilda mazkur turkum doirasida xorijiy adabiyotlarning eng sara namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va nashr etish orqali kitobxonlarga jahon tajribasi va ilg‘or bilimlarni yetkazish rejalashtirilmoqda.
Muloqot davomida tarjimon Faxriddin Sodiqov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a‘zosi shoir va yozuvchi Abdunabi Hamro, muharrirlar Umida G‘affarova, Mavjuda Ahmedova, tarjimon Farzona Hamroyeva kabi mutaxassislar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha muhim takliflarni ilgari surdilar. Jumladan, “Suhbat” rukni ostida turli sohalarda muvaffaqiyatga erishgan shaxslar bilan intervyu-kitoblar tayyorlash, shuningdek, davra suhbatlarini o‘tkazish masalalari kelishib olindi.

Kitobxonlar bilan qayta aloqani yo‘lga qo‘yish maqsadida “Birinchi bo‘lib o‘qi” klubi yoki sodiq o‘quvchilar hamjamiyatini tuzish rejalashtirildi. Bu klub a’zolari yangi kitoblarni rasmiy sotuvdan avval o‘qish imkoniga ega bo‘ladilar. Joylarda tashkil etiladigan kichik kitob yarmarkalari esa bevosita o‘quvchilarning fikr va takliflarini o‘rganishga xizmat qiladi.
Yig‘ilish yakunida bildirilgan barcha takliflar atroflicha tahlil qilinib, nashriyotning 2026-yilgi “Yo‘l xaritasi”ga kiritildi. Ushbu strategik maqsadlarning amalga oshishi “Info Kapital Books” nashriyotini rivojlanishning yangi pog‘onasiga olib chiqishi kutilmoqda.
