Tasnif
Abdulla Qodiriyning uchinchi yirik asari – “Obid ketmon” qissasi 1934 yilda yozilgan bo‘lib, bu asar ham boshqalari kabi yozuvchining ulkan mahoratini o‘zida mujassam etgan. Barcha zamonlarda ustuvor bo‘lgan “Sen yerni boqsang, yer seni boqadi”, degan qarash ushbu asarning bosh mavzusidir. Oddiy xalq vakili bo‘lgan Obid ketmon dindor bo‘lgani holda taqvodorlikka da’vo qilmaydi, dehqon bo‘lib esa zamindorlikka talabgor emas. Bosh bo‘lib, yo‘l ko‘rsating, deb saylashganda ham odam ishlatib, rahbarlikni talab qilmaydi. Aksincha, o‘zi o‘rnak bo‘lib xalq bilan baravar mehnat qiladi.
Bugungi adabiyotimiz haqida so‘z ketganda bot-bot takrorlanadigan “Davr qahramoni” degan ibora aynan asrning birinchi yarmida ushbu obraz – Obid ketmon orqali yaratilganiga asar mutolaasi davomida amin bo‘lasiz.
